ABOUT THE JOURNAL

«XXI ASR TILShUNOSLIGI: tahlil va talqin» ilmiy jurnaliga taqdim etiladigan ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan asosiy talablar jahon andozalari hamda O‘zbekistonda yaqindan beri amal qilayotgan DSc, PhD tadqiqotlari tizimidagi andozalardan kelib chiqadi. Jurnal bunday yuqori talablar o‘rnatish orqali o‘z mualliflarini asta-sekin xalqaro andozalarga moslashib borishida yaqindan ko‘mak berish vazifasini bajaradi. Qo‘shimcha savollar, talab va takliflar bo‘yicha tahririyatning elektron manzili (Email: navdpi_tilshunoslik@inbox.ru) yoki telefoni (tel:  90926 — 38 -82; 90739- 66- 94; 97378 — 34 — 45) orqali murojaat etish mumkin.

Muallif (yoki mualliflar) tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola mavzusi tilshunoslik va til o‘qitish metodikasini o‘qitishga mos kelishi shart.

         Maqola mavzusi (Title)

Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va lo‘nda ko‘rinishda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim.

Maqola muallifi to‘g‘risida ma’lumot (Author information)

Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, elektron pochta manzili va muloqot telefonlari kiritiladi.

Maqola annotatsiyasi (Abstract)

Maqolalarning qisqacha annotatsiyasi 8-10 qatordan oshmagan holda, o‘zbek, rus va ingliz tillarida beriladi. Unda tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi.

Kalit so‘zlar (Key words)

Kalit so‘zlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit so‘zlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun kalit so‘zlarning har biri asosiy matn tarkibida o‘rtacha 5-10 marta takrorlanishi tavsiya etiladi.

Kirish (Introduction)

Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi (ushbu qismda O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘zgarishlarga, albatta, murojat qilinishi lozim).

Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review)

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning ilmiy qarashlari va yondashuvlariga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlarning tanqidiy tahlilidagi urinishlar mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni rivojlantirishga yordam beradi. O‘z mazmuniga ko‘ra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar bo‘yicha tahlil asosan sohadagi eng yangi manbalar, jurnal maqolalari va boshqa turdagi ma’lumot materiallari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit so‘zlar yordamida www.scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).

Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)

Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, u o‘tkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yo‘li va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini (deduksion yoki induksion) belgilash, tadqiqot dizayni, ya’ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot obyektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma’lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-ctadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash bo‘yicha ratsional qaror qabul qilish asosida qo‘yilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘lni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yo‘lning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon bo‘ladi.

Tahlil va natijalar (Analysis and results)

Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (tipologik, genetik va boshqalar) orqali yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; olingan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations)

Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yo‘nalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etishi lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (References)

Ushbu qismda tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxati [1], [2] yoki [3] ketma-ketligida qo‘yiladi: 

mualliflar ismi-sharifi, kitob nomi, nashr manzili, nashriyot nomi, yili, betlari (Namuna: Yo‘ldoshev M. Badiiy matn lingvopoetikasi. – T.: Fan, 2008. – B.121.)

mualliflar ismi-sharifi, maqola nomi, jurnal nomi, nashr manzili, yili, soni, betlari (Namuna: Qodirov Z. Sintaktik birliklarning konnotativ aspekti // O‘zbek tili va adabiyoti. –T., 2003. — №6. – B. 40-41.)

Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda bo‘lib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda bo‘lishi lozim. Maqola matni sahifasining barcha (o‘ng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi 16 betdan oshmasligi, minimal hajmi esa 6 betdan kam bo‘lmasligi hamda foydalanilgan adabiyotlar soni kamida 10-15 manbadan iborat bo‘lishi lozim.

Maqolada keltirilgan jadval nomlari uning yuqori qismida, chizma yoki rasm nomlari ularning quyi qismida yozilishi hamda ularning manbasi aniq ko‘rsatilishi lozim. Maqolada jadval, chizma va rasmlarning berilishi maqola sifatini oshiruvchi manba bo‘lib xizmat qiladi.

Maqolalar o’zbek, rus va  ingliz tillarida taqdim etilishi lozim.

Maqola fanning tegishli yo‘nalishi bo‘yicha fan doktorining rasmiy taqrizi bilan birga qabul qilinadi. Tahririyat maqolani qo‘shimcha ravishda taqrizga taqdim etishi va ushbu taqriz natijalari asosida maqolani chop etish masalasi bo‘yicha tegishli qarorga kelishi mumkin.

Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Keltirilgan talablar yakuniy emas, ba’zi maqolalar borasida nashriyot qo‘shimcha ma’lumot so‘rash huquqini saqlaydi.